Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali

Filial direktorining «YANGI YIL» tabrigi

Аziz ustozlar, qadrli hamkasblar!

      Mana shunday shukuhli damlarda Siz aziz ustozlarni va barcha hamkasblarni kirib kelayotgan yangi 2021 yil bilan chin qalbdan tabriklab, samimiy tilaklarni izhor etishni oʼzim uchun katta baxt deb hisoblayman.
Hozirgi zamonda insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini belgilovchi muhim omil ekanligini barchamiz toʼliq anglaymiz. Shu sababli mamlakatimizda taʼlimni rivojlantirish istiqboli davlatimiz siyosatining eng asosiy masalalaridan biriga aylangan. Zero farzandlarini sogʼlom va barkamol boʼlib voyaga yetishi, ularning baxtu iqbolini koʼrish – har bir ota-ona, har qaysi oilaning eng ulugʼ va muqaddas orzusidir.
       Poyoniga yetayotgan 2020 yilda boshimizdan kechirganimiz sinovli damlar bilan birga taʼlim tizimida salmoqli yutuqlar koʼp boʼldi. Аziz hamkasblar bugun barchamizning eʼtiborimiz markazida turishi zarur boʼlgan vazifalar haqida gapirganda, oliy taʼlim tizimida qoʼlga kiritgan yutuqlarimizga mahliyo boʼlmasdan, natijadorlikka qaratilgan faoliyatimizni tanqidiy baholab, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash borasida shiddat bilan rivojlanib borayotgan hayot talablari bilan hamohang boʼlib, koʼzlagan istiqbolimizga dadil qadam qoʼyishimiz nihoyatda muhimdir.
      Ustoz murabbiyning oʼziga xos yuksak fazilatlari, oʼz kasbiga fidoiyligi boʼladiki, qachon qaramang, oʼzi koʼp yillardan beri ishlaydigan taʼlim tizimini takomillashtirish borasida yelib-yuguradi, tinib-tinchimaydi. Аyniqsa, professor-oʼqituvchilarning salohiyatini oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama yetuk mutaxassislar etib tayyorlash borasida yetakchi boʼlish har bir pedagogning maqsad-muddaosiga, hayot mezoniga aylangan. Jamiyatimizda mana shunday fidoiy, jonkuyar insonlar bor ekan, yaxshiliklar koʼpayadi, mehr-oqibat qalblardan-qalblarga koʼchib oʼtaveradi, hayotimiz yanada farovon boʼlaveradi. Shunday ekan, ertangi kunimiz boʼlgan yosh avlodni tarbiyalashda barchamizni vatanparvarlik va fidoiylik fazilatlari tark etmasin!
       Аziz hamkasblar, muhtaram yurtdoshlar, Sizlarni barchangizni va oila aʼzolaringizni kirib kelayotgan yangi 2021 yil bilan chin qalbdan tabriklab, barchangizga baxt-saodat, tinchlik va xotirjamlik tilayman. Osmonimiz doimo musaffo boʼlsin, yurtimizning tinchligi, xalqimizning farovonligiga koʼz tegmasin! Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar roʼyobga chiqsin!

Toshkent kimyo-texnologiya instituti
Shaxrisabz filiali direktori
 Sh.А.Mutalov