“O’zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostidagi “Yoshlar shousi”

         Ma’lumki, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13-aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratilgan edi. Turli festival va musobaqalar o‘tkazish, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, kelajakka ishonchini oshirish qadriyatlarimiz umrboqiyligini ta’minlaydi. Shu bois, yurtimizda aynan yoshlar masalasiga e’tibor davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

       Bugun Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida Yoshlar ittifoqi yetakchisi To’rayeva Umida rahbarligidagi filial iqtidorli talabalaridan iborat “Mobil targ’ibot” guruhi a’zolari tomonidan tashkil etilgan, “O’zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostidagi “Yoshlar shousi” gala-konserti bo’lib o’tdi. 

       Tadbirni o’tkazishdan asosiy maqsad, filialimizda tashkil etilgan “Mobil targ’ibot ” guruhi a’zolarining faoliyatini talabalarga ko’rsatish orqali ularni birlashtirishdan iborat edi. Kechani filial direktori professor Sh.A.Mutalov tabrik so’zi bilan ochib berdi.

       “Bizni qo’llab-quvvatlab, barcha mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan va kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan filial direktori professor Sh.A.Mutalovga va barcha mas’ul xodimlarga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiramiz. Konsert dasturimiz o’ylaganimizdan ko’ra a’lo darajada va juda ko’tarinki kayfiyatda o’tdi”,- deydi mamnuniyat bilan “Mobil targ’ibot” guruhi a’zosi, bloger talaba Bahromov Namozali.

       “Mobil targ’ibot guruhi” a’zolari tomonidan tayyorlangan sahna ko’rinishlari, raqslar va kuy-qo’shiqlar tashrif buyurgan ustozlar, talabalar tomonidan iliq qarshilandi va ularning ham ma’naviy, ham madaniy xordiq olishida xizmat qildi.

     Tadbir so’ngida “Mobil targ’ibot guruhi” a’zolari hamda “Muhandislik grafikasi” fani o’qituvchisi Xulkar Xudoyberdiyeva tomonidan o’tkazilgan “Urush noming o’chsin jahonda” nomli ijodiy ishlar tanlovi g’oliblari diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Scroll to Top