Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali

Sodiqov Mansur Qahhorovichning Kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tashkil etilgan dissertatsiya ishining muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy seminar

Joriy yilning 4-iyun kuni Toshkent kimyo-texnologiya inistituti Shahrisabz filialida kimyo fani katta o‘qituvchisi Sodiqov Mansur Qahhorovichning Kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun “ASETILEN AMINOSPIRTLARI EFIRLARINING KATALITIK SINTEZI VA XOSSALARINI TADQIQ QILISH” mavzusidagi dissertatsiya ishining muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.  

Ilmiy seminar filialning o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari B.Sh.Sirojovning kirish so‘zi bilan ochildi.

Ilmiy seminar raisi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.F.N. dots. S.S.Ravshanov so‘zga chiqib, bugungi ilmiy seminarni o‘tkazishdan maqsad, M.Q.Sodiqovning Kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiya ishini ko‘rib chiqish va tegishli xulosa berishdan iborat ekanligini ta’kidladi. Rais tadqiqot ishining asosiy mazmunini so‘zlab berish uchun so‘zni dissertantga berdi.

Tadqiqotchi ma’ruzasini tashrif buyurgan jami 29 nafar tinglovchilardan iborat ishtirokchi e’tiboriga havola etdi

Mazkur taqdimotda O‘zMUdan prof. A.Xayitboyev, dots. O.Sh.Qodirov, prof.S.Nurmonov, ZOOM orqali prof. D.I.Umbarov, dots. O. Ziyadullayev, tadqiqotchi D.Tursunov, QarDUdan dots. A.A.Qodirov va dots. M.J.Qurbonovlar va bir qator olimlar ishtirok etdi.

Dissertant M.Q.Sodiqov o‘z ma’ruzasida dissertasiya mavzusining dolzarbligini, ilmiy tadqiqotning maqsadi va vazifalari, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini ko‘rsatib o‘tdi.

Ilmiy seminarning muhokamasi yuzasidan so‘zga chiqqan olimlar muallif tomonidan chuqur ilmiy-nazariy izlanishlar olib borilganligini ta’kidladilar. So‘zga chiqqanlar tomonidan seminar bo‘yicha bildirgan fikrlarga qo‘shilishlari, ilmiy seminarning yutuqlari va munozarali jihatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ilmiy seminarda ishtirok etgan O‘zMU professori S.Nurmonov so‘zga chiqib, dissertant M.Q.Sodiqov tomonidan o‘tkazilgan ilmiy seminar haqida o‘z fikr-mulohazalarini aytib, seminarning ijobiy va salbiy tomonlariga ham to‘xtalib o‘tdi.