“To’ylar, ma’raka va marosimlarni ixcham va tartibli o’tkazish” to’g’risida

Marosim inson hayotida muhim hodisalar sodir boʼlganida vujudga keladi va kishilar hayotidagi eng muhim voqealarni qayd etadi, rasmiylashtiradi. Xalqimizda baxtli onlarni oila, qarindosh-urugʼ, mahalla, yaqin insonlar davrasida “toʼy” berib nishonlash qadim zamonlardan qolgan urf-odatdir. Shu bilan birga “toʼy” etnosning madaniyati, urf-odati, qarindosh-urugʼchilik va qoʼshnichilik munosabati, mentaliteti, diniy qarashlari va tasavvurlari, anʼanaviy marosimlarini oʼzida mujassam etgan voqeʼlikdir.

Taʼkidlab oʼtish joizki, bugungi kunda aksariyat yurtdoshlarimiz ushbu marosimni islomiy urf-odatlar, oʼzbekona kamtarlik va andisha, oilaning real iqtisodiy holati va bozor iqtisodiyotiga mos ravishda nishonlash oʼrniga, mahalla, qoʼni-qoʼshni, qon-qarindosh qarshisida “hech kimdan kam boʼlmagan” (kerak boʼlsa ortigʼi bilan, lekin aslo kam emas) qabilida nishonlashga tobora koʼnikib borayotganlari achinarli haqiqatdir. Buning sabablarini aniqlash va tahlil etish bugungi kunda dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi № 2736-Sh/QQ-592-III-sonli Qoʼshma qarori 3-ilovasi bilan “Toʼylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar ixcham va tartibli oʼtkazilishini taʼminlash boʼyicha” chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Chora-tadbirlar dasturining 18-bandida “Yoshlar oʼrtasida oilaning muqaddasligi, toʼylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning ixcham va tartibli oʼtkazilishi toʼgʼrisida turli uchrashuvlar, tadbirlar, davra suhbatlari, maxsus oʼquv mashgʼulotlari, ochiq darslar tashkil qilish” vazifalari belgilangan.

Shundan kelib chiqib, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida “Yoshlar oʼrtasida oilaning muqaddasligi, toʼylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning ixcham va tartibli oʼtkazilishi” toʼgʼrisida ochiq darslar tashkil etish rejalari tuzildi va amalga oshirildi.

Quyida guruhlar kesimida tashkil etilgan maʼnaviyat soatlarida oʼtilgan ochiq darslardan lavhalar:

Scroll to Top