Bugun butun borliqqa bor tarofatini ko‘z-ko‘z etib yana bahor tashrif buyurdi. Bahorning ilk kuni mamlakatimizda nazm va navo bayramining nishonlanishi bejiz emas.
O‘z ijodi va mashaqqatli hayot yo‘li, oqila hamda oliyjanobligi bilan o‘zbek ayollarining yorqin timsoliga aylangan Zulfiya Isroilova tavalludining 107 yilligi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida ham keng nishonlandi.
Zulfiyaxonimning boy ijodiy merosini chuqur o‘rganish, shoiraning vafo va sadoqatni tarannum etuvchi she’r va g‘azallarini talaba-qizlarlar qalbiga jo etish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar, talabalar, chin ma’noda Zulfiyaxonim ijodining muxlislari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Zulfiyaning bahor, nafosat va go‘zallik kuychisi ekanligini qayd etdilar. Filialimizning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga hushkayfiyat ulashdi.
Talaba qizlar ijrosidagi shoira she’rlaridan iborat mushoira va diltortar kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.