O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazining 2017-yil 3-maydagi   10-Q/Q va 34/QQ-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” Nizomga muvofiq tasviriy sanʼat bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 2017-yil   20-iyuldagi 393-sonli Qaroriga muvofiq, Badiiy akademiyaning tasviriy sanʼat bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari Badiiy akademiyaning taqdimnomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy taʼlim muassasalariga, mos taʼlim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”  1999-yil 10-iyundagi PF-2326-son Farmoni hamda Vazirlar Maxkamasining 2017-yil 20-iyundagi  393 – qaroriga asosan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi  va Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinishlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 13-maydagi 395-son qaroriga muvofiq:

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilishi nazarda tutilsin:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5 (bunda Toshkent davlat yuridik universiteti uchun writing modulidan 5,5 ball)), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Française (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.

Bunda 2019-yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlanib qolinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-sentabrdagi 698-sonli Qaroriga muvofiq, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini aʼlo baholarga o‘qigan bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining tavsiyasiga asosan, Davlat komissiyasi qarori bilan oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish taʼlim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil  26-fevraldagi PQ-4212-son qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 375-sonli “Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy taʼlim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga asosan, terrorizm, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari (keyingi o‘rinlarda — halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tavsiyanomasi asosida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda — oliy ta’lim muassasalari)ning bakalavriatiga (ikkinchi ta’limdan tashqari) kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar, halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limdan tashqari) va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda — harbiy ta’lim muassasalari)ga qabul kvotalaridan tashqari dastlabki va kasbiy tanlov natijalari, shuningdek ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3394-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qism qo‘mondonligi (rahbariyati) va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasiga asosan, har bir harbiy qismdan bir nafardan, yuqori natijalarga erishgan yosh harbiy xizmatchi qo‘shimcha davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom”ida ham harbiy xizmatchilar orasidan yuqori natijalarga erishgan, har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi harbiy qism qo‘mondonligi (rahbariyati) va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga tasdiqlangan davlat granti kvotalariga qo‘shimcha ravishda, imtihonlarsiz qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini taʼsis etish to‘g‘risida 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son qaroriga asosan, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumtaʼlim va o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining o‘quvchilari oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-son qaroriga asosan, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 9-avgustdagi 169-sonli Qaroriga muvofiq «Nihol» mukofoti iste’dodli yoshlarning jamiyatimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi muhim o‘rnini inobatga olib, o‘zining estrada, musiqa, mumtoz qo‘shiq, raqs va opera san’ati ijrochiligi sohasidagi mahorati bilan odamlarning yuragiga yetib boradigan, yoshlarni ezgulikka chorlaydigan, ularni ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratishda faollik ko‘rsatayotgan 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlarni muntazam rag‘batlantirib borish maqsadida beriladi. “Nihol” mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar madaniyat, sanʼat yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi (ansambl, jamoa sifatida ishtirok etganlar bundan mustasno).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qaroriga muvofiq “Nihol” mukofoti sovrindorlari Madaniyat vazirligining taqdimnomasiga muvofiq, Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy taʼlim muassasalariga, mos taʼlim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil  25-apreldagi  “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholining turmush darajasini  yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-2925-son qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlari natijalari bo‘yicha 68 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan, olis cho‘l tumanlarida kamida uch yildan buyon istiqomat qilayotgan abituriyentlarni, keyinchalik mutaxassislik bo‘yicha ushbu hududlardagi budjet tashkilotlarida tegishli viloyat hokimligi va oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida kamida 4 yil ishlab berish sharti bilan qo‘shimcha grant asosida imtiyozli qabul qilish huquqi berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining 2019-yil 19-martdagi 47-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Nizomga asosan tanlovning Respublika bosqichida har bir nominatsiya bo‘yicha birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinni egallagan o‘rta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega bo‘lgan g‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining “Maktabgacha taʼlim” yo‘nalishiga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qaroriga muvofiq, “Tarbiyachi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari Maktabgacha taʼlim vazirligining taqdimnomasiga muvofiq, Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy taʼlim muassasalariga, mos taʼlim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”  2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida “Temurbeklar maktabi” bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida” 2017-yil     14-noyabrdagi 914-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomalar berish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish maqsadida tavsiyanomalar berish bo‘yicha respublika komissiyasi taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan doimiy yashash joyidagi oliy taʼlim muassasalarining pedagogika taʼlim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari farzandlarining kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil  22-iyundagi 462-son qaroriga muvofiq, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)ning haqiqiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlariga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga-bevosita komandirlari (boshliqlari) tavsiyanomasiga asosan ular farzandlarining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun, harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamda harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yaradorlik, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning ofitserlari, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari farzandlariga beriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil   20-iyuldagi 393-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tashda yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari vazirliklar yoki idoralarning tegishli tavsiyanomalari asosida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga (ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimdan tashqari) o‘qishga tanlovsiz qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shaklidagi taʼlim yo‘nalishlariga davlat granti asosida belgilangan umumiy qabul kvotalarining besh foizi miqdorida davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul kvotalari ajratiladi.

Ajratilgan besh foizli davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarining belgilangan shakldagi tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlarning test sinovlari natijalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ajratilgan besh foizli davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul kvotalariga qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan tanlagan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2019 yil 5 iyuldagi 5759-son Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar.   

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abiturientlarni respublikaning oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi va ular ushbu ko‘rsatkichlar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlarning qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha bir qator imtiyozlar va qulayliklar yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil  14-maydagi PQ-4319-son qarorida oliy taʼlim muassassiga qabul bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undirish belgilangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar mazkur to‘lovdan ozod etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-son Farmoniga muvofiq kirish imtihonlarida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda esa oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan qo‘shimcha ravishda ikki foizli davlat granti asosidagi kvota ajratish tartibini joriy etish belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 2-iyundagi 417-son qaroriga asosan bunday imtiyoz toifasi I va II guruh nogironligi to‘g‘risida maʼlumotnomaga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga binoan nogironligi bo‘lgan shaxslar ular uchun alohida ajratilgan kvotalar doirasida tanlovda qatnashib yetarli ball to‘play olmagan va o‘qishga tavsiya etilmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan (3 ta) bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda umumiy tartibda to‘plagan ballari bilan ishtirok etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 417-son qaroriga binoan oliy taʼlim muassasalariga qabul bo‘yicha imtihonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonida taqdim etilgan nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilishi belgilangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra nogironligi tasdiqlanmagan shaxslar qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasidagi tanlovga qo‘yilmaydi va ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan (3 ta) bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda umumiy tartibda ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”  2019-yil 3-maydagi PQ-4306-qaroriga muvofiq, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi.

Shuningdek, quyidagi xalqaro olimpiadalarda 1-3-o‘rinni olgan abituriyentlar oliy taʼlim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.

Bular:

* Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO)

* Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO)

* Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO)

* Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO)

* Xalqaro informatika olimpiadasi — International Olympiad in Informatics (IOI)

Scroll to Top