BIRNI KESSANG, OʻNNI EK

Oʻzligimizni, ajdodlarimiz teran tafakkurini, xalqimiz bunyodkorlik va yaratuvchilik salohiyatini namoyon etuvchi qadriyatlarimiz bisyor. Ular orasida inson va tabiat uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan bir qator urf-odatlar hali-hamon hayotimizga yoʻldosh boʻlib keladi. Masalan, oilada farzand tugʻilsa bobolar, otalar unga atab nihol qadaydi. Ona bolasini qanday asrab-avaylasa, ota bogʻdagi nihollarni qahraton sovugʻiyu saraton jaziramasidan eson-omon olib oʻtib, daraxtga aylanishi uchun bor kuchi va mehrini beradi. Shu taxlit inson va tabiat uygʻun holda rivojlanib boraveradi, ham rizq yaratiladi, ham olamga goʻzallik baxsh etiladi.

Inson nega bu qadar yashillikka intiladi? Tiriklik uchun yashil olamning ahamiyati nimada? Yashil rang-bahor,sabza va o’tloqlar rangidir. Xuzr yashil rangga belangani tufayli,abadiy umrga ega bo’lgani ajablanarli emasdir balki.Kuchli sanitar sifatida daraxt va butalarning yashil yuzasi is gazini yutib, inson hayoti uchun zarur boʻlgan kislorod chiqaradi. Daraxtlar ham barcha tirik mavjudodlar kabi oʻziga xos quvvat manbaiga ega. Chunki inson daraxtlardan taralayotgan ifordan bahramand boʻlib, kayfiyati koʻtariladi. Xullas, daraxt insonning toʻlaqonli yashashi uchun muhim hayotiy ahamiyatga ega va tabiatga, insonga bemisl naf keltiradi, hayot davomiyligini taʼminlaydi. Shu bois, ota-bobolarimiz daraxtning soyasi jonga, mevasi tanga darmon, deya eʼzozlaydi. Birni kessang, oʻnni ek, deya tabiatni asrashga, yaratuvchilikka daʼvat etadi.

Scroll to Top