Joriy yilning 23-aprel kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida тalabalarni kelgusidagi kasbiy faoliyatga yo’naltirish bo’yicha sohaning navbatdagi yetakchi ish beruvchi korxona vakillari bilan davra suhbati bo’lib o’tdi.
Davra suhbatida “Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyat yetakchi muhandisi J.Nurboyev, filial direktori prof. Sh.Mutalov, TSNB boshlig’i M.Samadov, kengash kotibi J.D.Mirzayev, filialning “Kimyoviy texnologiyalar”, “Texnologik mashinalar va jihozlar”, “Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish” ta’lim yo’nalishlari bo’yicha tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdilar.
Davra suhbatini filial direktori Sh.Mutalov kirish so’zi bilan ochib berdi va ushbu tashkil etilayotgan davra suhbatlarining filialda ta’lim olayotgan talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyatlarini belgilashda ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. Talabalarning tanishuv, ishlab chiqarish amaliyotlari davomida egallaydigan ko’nikma va malakalari ham keyinchalik ushbu korxonalarda kasbiy faoliyat olib borishlarida poydevor bo’lib xizmat qilishi bayon etildi.
“Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyat yetakchi muhandisi J.Nurboyev zavodning qisqacha tarixi, bugungi kundagi faoliyati, uning quvvati, jihozlari, korxona laboratoriyasida olib borilayotgan jarayonlar to’g’risida birma-bir so’zlab berdi.
Korxonada texnologik jihozlar va uskunalar muttasil yangilanib borilayotganligi, korxona yosh, bilimli kadrlar bilan boyitib borilayotganligi, yosh avlod vakillari sifatida filial talabalari ham o’qishni bitirgandan so’ng shu va shunga o’xshash korxonalarda mehnat faoliyatini davom ettirishlari mumkinligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida korxona vakillariga va suhbat tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirildi.