Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali

ilmiy faoliyat

TАЪLIM: SIFАT NАTIJАDORLIKNI TАЪMINLАYDI
Munosabat

Mamlakatimiz Prezidenti har bir chiqishida, hududlarga tashriflari davomida albatta taʼlim, yoshlar masalalariga alohida eʼtibor qaratadi. Bundan ularning orzu-umidlari, kelajak uchun belgilab olgan maqsad va rejalariga qanot berish hamisha u kishining bosh maqsadlari qatorida turishini anglab olish qiyin emas. Davlat rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi Yoshlar markazida boʼlgan uchrashuvda yoshlar bilan muloqotni: “Men sizlarning koʼzlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan koʼrishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yoʼq. Siz ularning vakillari oʼrnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim”, degan chaqiriq bilan boshlagani ham yuqoridagi fikrimizning yaqqol tasdigʼi boʼla oladi.

Sir emas, har qanday orzu-istak va rejalar zamiri ilm bilan mustahkamlangan boʼlsa, muvaffaqiyat qozonish tayin. Shunga monand, Prezident yaqinda oʼtkazilgan ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasiga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida sohaning dolzarb muammolarini muhokama qilib, ertangi kun egalari boʼlgan kelajak avlodni tarbiyalash borasidagi keyingi asosiy reja va maqsadlarni belgilab bergandi. Oʼshanda Shavkat Mirziyoev yoshlarda mustaqil fikrlash qobiliyatini yetarli darajada shakllantira olmayotganimiz, taʼlimda ilm oluvchini tafakkur qilishga undaydigan uslublar joriy etilmayotganini tanqid qilib, bu borada oliy taʼlim muassasalari umumtaʼlim maktablariga uslubiy jihatdan koʼmaklashishi kerakligini taʼkidlagandi.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali tomonidan Shahrisabz shahar va tuman xalq taʼlimi boʼlimlari bilan oʼzaro hamkorlikka oid shartnomalar imzolab, uning doirasida qilinadigan ishlar aniq belgilab olindi. Hamkorlik doirasida umumtaʼlim maktablari oʼqituvchilari hamda bitiruvchi sinf oʼquvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, Shahrisabz va Chiroqchi tumanlaridagi 10 dan ortiq umumtaʼlim maktablari otaliqqa olinib, ular oʼqituvchilari pedagogik salohiyatini yuksaltirishga, oʼqitishning zamonaviy uslublarini joriy etishga, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʼrsatkichlarini oshirish yuzasidan koʼmaklashishga kirishildi.

Yana bir tashabbus shundan iboratki, filialda umumtaʼlim maktablarining kimyo, fizika, matematika fanlari oʼqituvchilarini uslubiy jihatdan qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan hamda yuqori sinf oʼquvchilari uchun shu fanlardan bepul tayyorlov kurslari tashkil etilmoqda. Shu yoʼsinda oliy taʼlim muassasasi va umumtaʼlim tashkilotlari integratsiyasi kuchaytirilayapti.

Shu bilan birga, oliy taʼlimda jadal surʼatlarda olib borilayotgan yangilanishlarni filialda joriy etish, jumladan, ilgʼor xorijiy tajribani oʼrgangan holda mutaxassislar tayyorlash darajasini sifat jihatidan yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tayyorlanayotgan kadrlarga qoʼyiladigan malaka talablari va oʼquv rejalari xalqaro amaliyotdagi akademik standartlar asosida qayta tahlil etilib, takomillashtirilgan holda oʼquv jarayoniga tatbiq etib borilmoqda. Bunda talabalarga oʼz qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatlarini yaratib berish, ularda ijodiy faollik, izlanuvchanlik va tafakkurga tayanish fazilatlarini shakllantirishga erishish, oliy taʼlimning amaliyot bilan uygʼunligini taʼminlash asosiy diqqat markazida turibdi.

Tan olish kerak, hozirda talabalarda mustaqil taʼlim olishni rivojlantirish birmuncha eʼtiborimizdan chetda qolayotganday. Binobarin, talabalarda aqliy mehnat, zarur axborotlarni izlab topish va tahlil qilish, oʼquv jarayoniga ijodiy yondashuv, kasbiy koʼnikmalarni yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.

Shunday ekan, umumkasbiy va mutaxassislik fanlarini oʼqitishda mustaqil taʼlimga alohida eʼtibor qaratish, bunda talabalarga tavsiya etiladigan mustaqil topshiriq va vazifalar, ular turlari va shakllarini hamda ishlab chiqarish muhitini kengaytirish bilan natijadorlikni yangi bosqichga olib chiqishga erishamiz.

Xulosa qilib aytganda, Prezident boshchiligida taʼlim sohasida kechayotgan keng qamrovli islohotlar ijrosi har bir pedagog, ustoz va murabbiydan tashabbuskor va faol boʼlishni talab etayapti. Biz esa shunga hozirmiz!

Shuhrat MUTАLOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali direktori

Manba: qashqadaryogz.uz gazetasidan olingan