Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Madaniyat karvoni” bugunga kelib ko‘pchilikning qalbidan joy oldi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir hududda 150 nafardan ortiq olimlar, ziyolilar, ijodkorlar, san’at ahli, kinoaktyorlar eng chekka qishloq, mahallalarda bo‘lib, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashmoqda. Ularning dardu tashvishlari, quvonch-u yutuqlariga sherik bo‘lishib, hamdard-u hammaslak bo‘layotgani aholining kayfiyatini ko‘tarayotgani ham rost gap. Aytish kerakki, bunda yurtdoshlarimiz orasida o‘zaro mehr rishtalari bog‘lanmoqda, yuraklarga ezgulik kurtaklarini qadamoqda. Zero, odamlar qalbida yuksak insoniy fazilatlar, ilm-ma’rifat, mehr-saxovat, hamjihatlik, birdamlik kabi tuyg‘ular kurtak yozganining o‘zi ma’naviyatdir.
Ana shunday hayotbaxsh maqsadlarni ko‘zlagan “Madaniyat karvoni” ning navbatdagi uchrashuvi professor Sh.A.Mutalov rahbarlik qilayotgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali jamoasi bilan Shahrisabz shahar Madaniyat saroyida bo`lib o`tdi.