Mohlaroyim Nodira

Mohlaroyim Nodira XIX asrning birinchi yarmida yashab, ijod etgan mashhur shoira, davlat arbobi, madaniyat va adabiyot homiysidir. Shoira 1792-yili Andijon hokimi Rahmonqulbiy oilasida tavallud topdi. Uning onasi Oyshabegim maʼrifatli ayol boʻlgan. Oʻzining oilaviy silsilasiga koʻra Bobur nasliga mansub boʻlib, shoiraning ota-onasi ham davrning eʼtiborli kishilari edilar.

Mohlaroyimning taʼlim-tarbiyasi shu muhitda kamolotga yetdi va u tahsil yillarida xalqimizning tarixi, madaniyati, ilm va adabiyoti ravnaqidan yaxshigina xabardor boʻlib oʻsdi.

Mohlaroyim sheʼriyatga juda erta havas qoʻydi. Ustoz Navoiy, Jomiy va Bedil kabi allomalarning asarlariga boʻlgan eʼtiqodmandlik bilan ruhan barkamollashib bordi.

Maʼlumki, bu yillarda Qoʻqon xonligini Olimxon idora qilardi. Uning ukasi Umarxon esa Farg’ona vodiysining nufuzli shaharlaridan boʻlgan Margʻilonda hokim edi. 1807-yillarda ilgaridan bir-birlariga koʻngil qoʻyib, sevishib kelgan Umarxon va Mohlaroyim turmush quradilar. Shu munosabat bilan Mohlaroyim Margʻilonga keladi. Koʻp oʻtmay Qoʻqon xonligida davom qilib kelayotgan ziddiyatlar oqibatida 1810-yili Olimxon qatl etilib, uning oʻrniga Umarxon taxtga koʻtariladi. Shundan boshlab Mohlaroyim taqdiri Qoʻqon bilan bogʻlanib qoladi. Uning shoira sifatida keng koʻlamda ijod maydoniga kirib kelishi ham shu yillarga toʻgʻri keldi.

Nodira Qoʻqonda xon saroyida ekan, davlat ishlaridan ham voqif boʻlib borardi. Xususan, adabiyot va sanʼat ahli bilan yaqinlashishga, qoʻp asrlik adabiyotimiz yoʻlidan borib, davr sheʼriyatini yuqori koʻtarishga astoydil kirishadi. Mohlaroyim va Umarxonning oilasida ikki oʻgʻil tugʻiladi. Muhammad Alixon va Sulton Mahmudxonlar oʻsibulgʻayib boradilar. Umarxonning 1822-yili bevaqt vafotidan keyin yosh Muhammad Alixon davlatni boshqarishga kirishadi. Nodira ham yosh oʻgʻlining yoniga kirib mamlakatni boshkarish ishida faol ishtirok eta boshladi.

Nodira davlat va mamlakat ishlarini tadbir va adolat bilan idora qilishda homiylik namunalarini koʻrsatarkan, bu yillarda mamlakatda nisbiy osoyishtalik saqlandi. Qoʻshni oʻlkalar va ularning hukmdorlari bilan savdo-sotiq va boshqa sohalarda kelishuvlar amalga oshirildi. Nodiraning mamlakatdagi qurilishlar sohasidagi olib borgan ishlari, madaniyat va adabiyot borasida koʻrsatgan tashabbuskorliklari shoira devonining debochasida taʼkidlab oʻtilgan.

Respublikamiz mustaqillik yoʻliga qadam qoʻyishi bilan oʻtmish qadriyatlarimizning tiklana borishi yana yangi sahifalarni ochdi. 1992-yilda mamlakatimizda shoira tavalludining 200 yilligi Qoʻqon, Andijon va boshqa shaharlarda keng nishonlanib, poytaxtimizda oʻtkazilgan ilmiy anjumanlar va tantanali kechalar bilan yakunlandi. Shu yillarda “Davr Nodirasi”, “Ey sarvi ravon” kitoblari chop etildi. 1994-yilda “Fan” nashriyoti “Uvaysiy va Nodira sheʼrlari”dan iborat oʻzbek shoirlari bayozi turkumli yana bir yangi nashrni kitobxonlarga hadya etdi. Badiiy adabiyotda esa Nodira obrazi gavdalantirildi, drama, roman, kinofilmlar yaratildi. Shahar va qishloqlarda bu hassos ijodkor nomi bilan atalgan kinoteatrlar, koʻchalar, kutubxonalar va madaniyat maskanlari mavjud.

Scroll to Top