Uch ming yildan buyon har yili 21 mart sanasida Yaqin va O‘rta sharq xalqlari Navro‘z bayramini nishonlab keladi. Xususan, O‘zbekistonda ham bu bayram o‘z ahamiyati jihatidan eng yirik bayramlardan biri hisoblanadi. Shu kunda butun Respublikada xalq sayllari, turli konsertlar, milliy o‘yinlar tashkil etiladi. Bu bayramning o‘ziga xos bo‘lgan taomi hisoblanmish sumalak tayyorlanadi. Xo‘sh, bayramni nishonlashni bilamiz, lekin uning tarixi haqida nimalar bilamiz? Qachon paydo bo‘lgani, qanday paydo bo‘lgani haqida tasavvurga egamizmi? Qaysi xalqlar yana ushbu bayramni nishonlaydi? Bugungi maqolada shu savollarga javob izlaymiz.
Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o‘simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan» deya izohlaydi.
Navro‘z atamasi ilk bor Fors imperiyasi hujjatlarida, miloddan avvalgi ikkinchi asrda tilga olingani qayd etilsada, uning nishonlanishi undan ham qadimiyroq ekanligi shubhasiz. Chunki Ahamoniylar sulolasi hukmronligi yillarida bunyod etilgan Persepolis shahridagi «Yuz ustunli saroy» aynan Navro‘zni nishonlash maqsadida qurilgan degan, farazlar bor. Lekin, shunga qaramay, ahamoniylar hujjatlarida bu haqda aniq bir ma’lumot uchramaydi.
Navoiy yozishicha: «Jamshid ‘Chihil minor’ nomli odamzod ko‘rmagan va aql bovar qilmaydigan baland bino qurib… bu imorat tugandi, olam salomin va ashrov va ahbarin yig‘ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta e’tiqodli rabiyg‘a taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustiga o‘ltirib, adolat sayt va sadosin olamg‘a muntashir qildi va ul kunining otin navro‘z qo‘ydi».
Navro‘zning asosiy taomi sumalak hisoblanadi. Bundan tashqari bayram kunlari dasturxonda turli-tuman shirinliklar, quruq mevalar, palov tortiladi. Ayrim hududlarda, xususan, Buxoro viloyatida halim (halisa) pishirish odat tusiga kirgan.
Afg‘onistonda esa Erondan farqli o‘laroq Haft sin o‘rniga Haft meva tortish odat tusiga kirgan. Haft meva tojikchadan o‘girganda yetti meva deganidir. Bu yetti meva quyidagilar: quritilgan uzum, ya’ni mayiz, quritilgan jiyda, Antep pistasi, turshak, yong‘oq, bodom va olxo‘ri.
Qayerlarda Navro‘z nishonlanadi?
Bugungi kunda Yer yuzidagi 300 millionga yaqin aholi Navro‘zni bayram sifatida nishonlaydi. Eron, Ozarbayjon, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Sharqiy Turkiston, Rossiyaning turkiylar yashaydigan mintaqalari, Hindistonning ayrim hududlari, Iroq Kurdistoni, Bolqon yarim oroli kabi joylarda Navro‘z keng nishonlanadi. Bayramning eng muhim vazifalaridan biri bu ommaviy yig‘inlar bo‘lib, u yerda madaniy almashinuv va tadbirlar marosimlarga qo‘shib o‘tkaziladi. Suv va olov bilan bog‘liq maxsus ommaviy marosimlar bunga misol bo‘la oladi.
Qirg‘izistonda bayram tushligidan so‘ng odamlar ko‘chaga saylga chiqib bayramni nishonlaydilar. Kichik shahar va qishloqlarda qurbonlikka keltirilgan buqadan Nooruz Kedji yoki Chon Kedji (sho‘rva) tayyorlash uchun maxsus joylar tanlanadi. Bu qadimiy taom go‘sht, yog‘, guruch, no‘xat, arpa, bug‘doy, jo‘xori, so‘li uni, tariq, kartoshka va ziravorlardan tayyorlanadi.
Ozarbayjon, Afg‘oniston, Turkiya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eron davlatlari hamkorlikda tayyorlagan rezolyutsiyasiga asosan, Navro‘z BMT tomonidan 2010 yil 23 fevral kuni Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilindi.
2016 yilda BMTning maorif, fan va madaniyat jamg‘armasi — YUNESKO Navro‘z bayramini yana Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi. Navro‘zni YUNESKO ro‘yxatiga kiritish taklifini 12 mamlakat ilgari surgan. Ular O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya.