“Nufuzli muhandislik ta’limi uchun ilg‘or amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi konferensiya 

“Nufuzli muhandislik ta’limi uchun ilg‘or amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi konferensiya

2023-yil 4-aprel kuni Respublikamiz poytaxti Toshkent shahrining “InterSontinental Tashkent” mehmonxonasi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Yoshlar tashabbuslari markazi hamda ijtimoiy soha mas’ullari hamkorligida tashkil etilgan “Nufuzli muhandislik ta’limi uchun ilg‘or amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi konferensiya ilk bor oliy, o‘rta va professional ta’lim muassasalari, hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti va biznesining real sektori korxonalari vakillarini birlashtirdi. Konferensiyada TKTI Shahrisabz filiali vakili sifatida O‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i O.X.Maxmudov hamda fakultet dekani H.Sh.Tilovovlar ham qatnashdilar.

Shuningdek, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Armaniston davlatlaridan soha mutaxassislari o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.

Tadbirni Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochib, mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ushbu xalqaro anjumanning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib, innoavatsion rivojlanish jarayonida ta’lim sohasida zamonaviy malakali muhandislarni tayyorlash, ularni o‘qitish sifatiga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

Tabrik so‘zlaridan so‘ng Yoshlar tashabbuslari markazi bosh direktori Ornello Mkrtchyan tomonidan “Nufuzli muhundislik ta’limi uchun amaliyotga yo‘naltirilgan ilg‘or ta’lim texnologiyalarining ta’lim markazi konsepsiyasi” taqdimoti o‘tkazildi. So‘ngra Massachusets texnologiya institutining FabLab bo‘yicha mintaqaviy direktori Jaklin Karaaslanian “Raqamli ishlab chiqarish: FabLab va Fab Academies orqali ijodkorlik va innovatsiyalar kelajagi” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, STEM ta’lim, fan-ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, san’at va biznesda sun’iy intellektni qo‘llash masalalarida fikr almashilmoqda.

Anjumanda taqdim etilgan ilg‘or ta’lim texnologiyalari nafaqat muhandislik ta’limini modernizatsiya qilish va malakali muhandis kadrlarni innovatsion iqtisodiyotga tayyorlash, oliy ta’limni maktab va kasb-hunar muassasalari bilan integratsiya qilishga, shuningdek, ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Scroll to Top