Ma’lumki, Prezident sayloviga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Mazkur siyosiy jarayonda talabalarning faol ishtirokini ta’minlash, saylovga oid bilimlarini rivojlantirish hamda ularga vatanimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini yetkazish maqsadida “Saylov – 2021: Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida “Targ‘ibot poyezdi” loyihasiga start berildi.
Bugun ushbu loyiha ishtirokchilari Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali rahbariyati tomonidan kutib olindi.
Toshkent shahridan kelgan targ‘ibot guruhining rahbari Alisher Jumag’ulov va iqtidorli talabalardan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan filial talabalarining saylovga oid bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminari va ma’naviy tadbir tashkil qilindi.
Tadbir davomida talabalar bilan mavzu doirasida kichik treninglar va qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Faol ishtirok etgan talabalarga targ‘ibot guruhi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.