Shubhasiz, har bir oliy ta’limga qadam qo’ygan talaba kelajakda o’z kasbining yetuk mutaxassisi, hozirgi zamon va innovatsion texnologiyalar asriga mos zamonaviy va erkin fikr yurituvchi kadr, jamiyatning bir bo’g’ini sifatida xalqiga foydasi tegadigan komil inson bo’lishni xohlaydi va shunga intiladi.
Bugun Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida talabalarni kelgusidagi kasbiy faoliyatga yo’naltirish bo’yicha sohaning navbatdagi ish beruvchi korxona vakillari bilan o’tkazilgan davra suhbati bo’lib o’tdi. Davra suhbati ham aynan, talabalarni hozirdan kasbiy faoliyatga yo’naltirish, ular ongida ham nazariy, ham amaliy bilim ko’nikmalarni hosil qilish orqali ularda bor bilim va ko’nikmalarni amalda isbotlash va ularda kasbga bo’lgan layoqatni shakllantirishga bag’ishlandi.
Davra suhbatida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz “Vino-aroq” Aksiyadorlik Jamiyati” ishlab chiqarish bo’yicha direktori G’ulomov Sa’dullo Imomovich, bosh texnolog Buzrukov Shuxrat Fozilovich, filialamiz direktori prof. Sh.A.Mutalov, dekan H.Tilavov, kengash kotibi J.Mirzayev hamda filial “Vinochilik texnologiyasi” ta’lim yo’nalishi talabalari ishtirok etishdi.
Davra suhbatini filial direktori Sh.A.Mutalov kirish so’zi bilan ochib berdi va ushbu tashkil etilayotgan davra suhbatlarining filialda ta’lim olayotgan talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyatlarini belgilashda ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Shundan so’ng, so’z navbati “Shahrisabz “Vino-aroq” Aksiyadorlik Jamiyati” vakillariga berildi. Ular “Shahrisabz “Vino-aroq” Aksiyadorlik Jamiyati”ning qisqacha tarixi, bugungi kundagi faoliyati, korxonaning quvvati, korxona jihozlari, korxona laboratoriyasi to’g’risida yetarlicha ma’lumot berdilar.
Davra suhbatida talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollarga o’z javoblarini oldilar. Davra suhbati yakunida korxona vakillariga minnatdorchilik bildirildi hamda bunday uchrashuvlar yana davom ettirilishi ta’kidlandi.