Joriy yilning 4-dekabr sanasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida Toshkent davlat texnika universiteti bilan ilmiy-ta’limiy hamkorlik shartnomasini imzolash hamda ikki OTMlar o‘rtasida uzluksiz operativ axborot almashinishni ta’minlash maqsadida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tantanali yig‘ilishda Toshkent davlat texnika universiteti rektori proffessor Sadritdin Maxamatdinovich Turabdjanov, TKTI Shahrisabz filiali direktori professor Shuxrat Ahmadjonovich Mutalov hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Yig’ilishni filial direktori prof. Sh.A.Mutalov kirish so’zi bilan ochib, tashriflari uchun filial jamoasi nomidan o’z minnatdorchiligini bildirdi va esdalik sovg’alarini topshirdi.
Ushbu hamkorlik professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar, yosh olimlar va ikki OTMning talabalari o‘rtasida kimyoviy texnologiya sohasida innovasion va texnologik g‘oyalar yuzasidan fikr almashish uchun zamonaviy tezkor uzluksiz axborot almashinuvini ta’minlovchi muhim nuqtaga aylanadi.
Yig‘ilishda oliygoh rahbarlari O‘zbekistonning yetakchi Oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan TDTU va TKTI Shahrisabz filiali o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik tajribasi, shuningdek, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim sohasidagi istiqbolli loyihalaridan tortib, kitobxonlikka oid tashabbuslari, bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik ishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Filial direktori Sh.A.Mutalov mazkur o’quv dargohida olib borilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar va yangi loyihalar bilan o’rtoqlashdi hamda filialda yoshlarni nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan amaliy-o’quv labaratoriya hamda kompyuter xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari bilan yaqindan tanishtirdi.
Bunday hamkorlik ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi va ta’limni har tomonlama rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.